Toshkentda “Ilmiy ma’lumotlardan foydalanish va nashr ettirish faolligi” III Milliy ilmiy-ta’limiy forum o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Unda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Intellektual mulk agentligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi mutasaddilari, ilmiy markazlar, axborot-kutubxona muassasalari vakillari, professor o‘qituvchilar, doktorant va tadqiqotchilar ishtirok etadi. Forumga sohaga aloqador yetakchi xalqaro kompaniyalar vakillari taklif etiladi.
Anjuman ishtirokchilariga jahon ilmiy-ta’limiy manbalari va yuqori reytingli jurnallarda maqolalar nashr etish imkoniyatlari to‘g‘risida ma’lumot beriladi. O‘zbekistonda ilm-fan va nashr etish faolligini rivojlantirishga bag‘ishlangan dolzarb mavzular muhokama etiladi.
Shuningdek, forum doirasida jahonning yetakchi nashriyot kompaniyalari va vositachi-agregatorlar ishtirokida mahorat darslari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida jurnalistlarga mazkur forumga oid ana shu ma’lumotlar berildi.
Izoh (0)