O‘zbekistonda bo‘lib turgan Tojikiston ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda Xorazm va Toshkent viloyatlarida bo‘lib, “Xavfsiz turizm” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Ramazon Rahimzoda Xorazm viloyatiga tashrifi davomida Xiva shahridagi Nurillaboy majmuasida bo‘ldi. Mehmonga Xorazm viloyati ichki ishlar boshqarmasi tizimidagi “Ezgulik patruli” va otliq patrul xizmatlari faoliyati haqida ma’lumot berildi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-noyabrdagi “Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarida xavfsiz turizmni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan ushbu xizmat xorijiy tillarni biladigan malakali xodimlardan tarkib topgan.
Xorazm viloyati ichki ishlar boshqarmasining xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi tarkibida faoliyat ko‘rsatuvchi ezgulik patrullari Urganch va Xiva shaharlarida jamoat tartibini saqlash, xorijiy sayyohlarga zarur xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Buning uchun ular zamonaviy aloqa vositalari va xizmat anjomlari bilan ta’minlangan.
Tojikiston ichki ishlar vaziri Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida “Xavfsiz turizm” dasturi doirasida tatbiq etilgan loyihalar bilan ham tanishdi. Mehmonga mamlakatga kelgan sayyohlarning xavfsizligini ta’minlash, ular uchun zamonaviy sharoitlar yaratish borasidagi chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.
Izoh (0)