Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi agentligi hamda O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasi tomonidan “Elektron davlat xaridlarining ochiqligi va samaradorligini ta’minlashning yangi mexanizmi” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tadbirda birjaning yangi portali — “Xarid.uz” taqdimoti o‘tkazildi. Mazkur axborot portali orqali davlat xaridlarining shaffofligi va ochiqligi ta’minlanadi. Xususan, portalda kutilayotgan barcha turdagi xaridlar haqida batafsil ma’lumotlar chop etiladi. Davlat xaridlari elektron do‘kon va boshlang‘ich narxni pasaytirishga qaratilgan elektron auksion shakllarida o‘tkaziladi.
Elektron do‘kon portalda talabgorlarning buyurtmachi nomiga yuborilgan takliflari asosida shakllanadi va o‘z ichiga maxsus talablar ko‘yilmagan tovarlarning (ish, xizmat) barcha turlarini qamrab oladi.
Elektron auksion orqali xarid qilish ham portalda onlayn rejimida bosqichma-bosqich narxning pasayib borishi yo‘li bilan amalga oshiriladi. Buyurtmachilar o‘z arizasini auksion g‘olibi aniqlanishidan 10 kun avval portalga joylashtiradi. Eng past miqdorda narx taklifini bergan talabgor tizim tomonidan g‘olib deb topiladi. O‘z navbatida, tuzilgan bitim va savdo g‘olibining nomi avtomatik ravishda portalda aks ettiriladi hamda buyurtmachi va savdo g‘olibining shaxsiy kabinetlarida shartnoma shakllanadi.
Yangi mexanizmni ishlab chiqish chog‘ida asosiy e’tibor elektron davlat xaridlari ishtirokchilari, jumladan, tadbirkorlik subyektlari uchun bir qator qulaylik yaratishga qaratildi. Xususan, buyurtmachilar va yetkazib beruvchilar faqatgina soliq organlarining elektron raqamli imzosi yordamida elektron xaridlarda ishtirok etadilar. Bu esa qog‘ozbozlik, byurokratizm va korrupsiyaning oldini olish va bartaraf etishga xizmat qiladi.
Xarid davomida buyurtmachi va yoki yetkazib beruvchilardan biri shartnoma shartlarini bajarmagan taqdirda avans to‘lovi jabrlanuvchi foydasiga o‘tkaziladi. Bundan tashqari, shartnoma shartlarini buzgan yetkazib beruvchi insofsiz yetkazib beruvchilar reyestriga kiritiladi va 3 yil davomida elektron xaridlarda ishtirok etish imkoniyatidan mahrum qilinadi.
Ayni vaqtda yangi elektron tizimda 3 mingga yaqin ishtirokchi akkreditatsiyadan o‘tgan va elektron do‘konga 1,6 mingdan ziyod tovarlar qo‘yilgan.
Izoh (0)