O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Shuhratning 100 yillik yubileyi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda adibning ijod va hayot yo‘li bilan bog‘liq xotiralar yodga olindi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Uyushma raisi S. Sayyid, akademik N. Karimov, O‘zbekiston san’at arbobi I. G‘afurov va boshqalar atoqli adib Shuhratning o‘zbek xalqining jangovar hayoti, qahramonligi, vatanparvarligi, qiyinchiliklarga bardoshi, kelajakka umid uyg‘otuvchi asarlari kitobsevarlar va navqiron avlodning ma’naviyatini yuksaltirishda muhim adabiy va ma’naviy boylik bo‘lib xizmat qilishini alohida qayd etdi.
Tadbir doirasida adibning kitoblari, uning hayoti va ijodini aks ettiruvchi fotosuratlar ham namoyish etildi.
Shuhrat (G‘ulom Alimov) 1918-yil 19-aprelda Toshkentning Hazrati Imom (Hastimom) mahallasida tug‘ilgan. U eski va yangi maktablarda tahsil olgach, avval texnikum, keyin esa institutda tahsil olgan. 1940-yili chop etilgan “Orzu va qalb”, “Mehrol” dostonlari yosh qalam sohibining ilk kitoblari edi. O‘sha yili harbiy xizmatga chaqirilgan Shuhrat Ikkinchi jahon urushi janglarida ofitser sifatida xizmat qilib, ona Vatanimizni mardonovar himoya qildi. Shundan bo‘lsa kerakki, keyinchalik janggohlarda va qatag‘onning mudhish voqealari Shuhrat xotirasining og‘riqli nuqtalari sifatida qalamga ko‘chdi. Dardli misralardan, badiiy detallarga va undan obrazlarga o‘tgan bu og‘riqlar adib ijodining asosiy mavzulariga aylangan edi.
Izoh (0)