Navoiyda iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasida kimyo fani bo‘yicha respublika innovatsion olimpiadasi o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi umumta’lim ta’lim muassasalarining 8-10 sinf o‘quvchilaridan iborat 15 jamoa o‘zaro bahslashdi.
Umumta’lim maktablarining iste’dodli va tashabbuskor o‘quvchilarini aniqlash, ularning ijodiy faolligini oshirishga qaratilgan tanlovda ishtirokchilar belgilangan mavzularga oid yozma ish hamda innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda onlayn test topshirdi.
Innovatsion olimpiada mamlakatda birinchi bor o‘tkazilmoqda. Bir vaqtning o‘zida boshqa hududlarda ham tegishli fanlar bo‘yicha bahs olib borildi. Yuqori saviyada o‘tkazilgan bilimlar bellashuvi kutilganidan ham yuqori natija berdi. Keyingi yillardan uni festival darajasiga ko‘tarish rejalashtirilmoqda.
Natijalarga ko‘ra, 10-sinf o‘quvchilari orasida birinchi o‘rinni buxorolik Firdavs Ahmedov va Navoiy shahridan Mansur Suyunov egalladi. 9-sinflar o‘rtasidagi bahslarda esa Navoiy shahridan Jamshid Hasanov va Toshkent shahridan Hasan Mo‘minov g‘olib bo‘ldi. 8-sinf o‘quvchilari — qashqadaryolik Sevinch Ashurova hamda buxorolik Abdumalik G‘ulomov ham tanlovda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Izoh (0)