Yoshlar ittifoqi yangi tanlov — “Majnuntol” gitara va mualliflik qo‘shiqlari tanlovini e’lon qildi. Bu haqda ittifoq rahbari Qahramon Quronboyevning Facebook’dagi sahifasi orqali ma’lum qilindi.
“O‘zbekiston yoshlar ittifoqi iste’dodlarni kashf etish va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yana bir televizion yo‘nalishdagi loyihaga qo‘l urdi”, — deyiladi e’londa.
“Majnuntol” deb nomlangan gitara va mualliflik qo‘shiqlari festivali jonli ijro va mualliflik qo‘shiqlari ijrochilarini qo‘llab-quvvatlash, ularning mualliflik-vokal ijrosi mahoratini oshirish, musiqachi-vokalistlarni qo‘llab-quvvatlash, yangi iqtidorlarni kashf etish, iste’dodli yoshlarni uyushgan holda faoliyat yuritishlari uchun zamin yaratadi.
Tanlov 2 bosqichdan iborat. Birinchi bosqichda ishtirokchilar anketasi saralanib, kasting o‘tkaziladi. Kasting Toshkent shahrida joylashgan “Yoshlar ijod saroyi” binosida 18-aprel kuni soat 10:00 dan 18:00 gacha bo‘lib o‘tadi.
Kastingda hujjatlarni o‘z vaqtida va to‘liq topshirgan talabgorlar qatnashadi va o‘zlari tanlagan qo‘shiqni jonli ijroda ijro etadi.
Madaniyat va san’at arboblari, estrada xonandalari, kompozitorlar, shoirlar, gitarachilar va sohaga doir oliy o‘quv yurti vakillaridan tashkil topgan hay’at a’zolari konkursning 2-bosqichiga ishtirok etish uchun 30 nafar ishtirokchini saralab oladi.
22-aprel kuni tanlov bosqichi bo‘lib o‘tadi.
Ikkinchi bosqich television tanlov bo‘lib, bunda ko‘rik-tanlovning barcha turlari MY5 telekanalida translyatsiya qilinadi. G‘oliblar diplom va sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
Izoh (0)