Sayyoraning eng qiziqarli, maftunkor va noodatiy shaharlari suratlarini ko‘rishga ko‘nikib qolganmiz. Biroq bularning butunlay aksi bo‘lgan shaharlar ham bor. AQShning ekologiya muammolari bilan shug‘ullanuvchi Bleksmit instituti tashrif buyurish inson organizmiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoldan yiroq bo‘lgan shaharlar o‘nligini tuzdi, deb yozadi TravelAsk.
Dzerjinsk, Rossiya
Sovet davrida shahar kimyo sanoatining asosiy markazi bo‘lgan. Hozirda korxonalarning aksariyati yopilgan bo‘lsa-da, ifloslanish darajasi baribir juda yuqori.
Kabve, Zambiya
XX asr boshida bu yerda qo‘rg‘oshin va kadmiy konlari topilgan. Ularni qazib olish qanchalik zaharli bo‘lishi mumkinligi hech kimning xayoliga kelmagan. Hozirda shaxta va zavodlar yopilgan, biroq bu ekologik vaziyatga kam ta’sir ko‘rsatgan.
La-Oroyya, Peru
Yana qo‘rg‘oshin. Bu yerda uning qazib olinishi aholi, ayniqsa bolalarning sog‘lig‘iga juda yomon ta’sir ko‘rsatgan.
Linfen, Xitoy
U Xitoyning eng ifloslangan shaharlaridan biri deb topilgan. Uni o‘rab turgan tog‘lar ko‘mir konlariga boy. Doimiy bronxitlar, pnevmoniya va o‘pka saratoni — shaharda eng ko‘p tarqalgan xastaliklardir.
Norilsk, Rossiya
Eng yirik metallurgiya komplekslaridan biri shahar hududida joylashgan. Nikel va boshqa og‘ir metallarning qayta ishlanishi turli respirator xastaliklarning rivojlanishiga olib keladi.
Sukinda, Hindiston
Bu yerdagi o‘lim holatlarining 85 foizi shu yerdan qazib olinadigan xromdan zaharlanish oqibatida yuz beradi. Ichimlik suvining 50 foizdan ortig‘i ichish uchun yaroqsiz.
Tyanszin, Xitoy
Qo‘rg‘oshinni qayta ishlash chiqindilari ko‘p miqdorda tuproq va suvga tushadi. Bu esa aholi sog‘lig‘ida aks etadi, ko‘pincha bolalarda aqliy zaiflikni keltirib chiqaradi.
Vapi, Hindiston
Hindistonning iqtisodiy o‘sishini ta’minlagan shahardagi ekologik vaziyat achinarli. Havodagi og‘ir metallar va suvdagi simob darajasi halokatli darajada.
Sumgait, Ozarbayjon
Neft-kimyo va sanoat komplekslari hozir yopilgan. Biroq ular ishlab turgan vaqtda tonnalab chiqindilar chiqargan, bu esa ekologiyaning umumiy holatiga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmagan.
Chernobil, Ukraina
Izohlar ortiqcha. Chernobil AESning avariyasi shaharni odam yashashi uchun yaroqsiz holatga keltirgan. Shunga qaramasdan, qiziquvchan sayyohlar bu yerga ham kelib turadi.
Izoh (0)