Farg‘ona viloyatidagi bojxona posti orqali O‘zbekistonga harakatlanayotgan fuqaroning egniga yashirilgan giyohvandlik moddasi bojxona xodimlari tomonidan aniqlandi. Bu haqda O‘zA xabar qilmoqda.
Mart oyning so‘ngi kunlarida “Farg‘ona” chegara bojxona posti orqali Qirg‘izistondan O‘zbekistonga kirib kelayotgan 1998-yili tug‘ilgan fuqaro D.P.ning xatti-harakatlari shubhali ko‘ringanligi bois undan og‘zaki ravishda yonida noqonuniy ashyolar bor yoki yo‘qligi so‘raldi. Fuqaro shunchaki qo‘shni respublikaga chiqib aylanib kelayotgani va yonida hech qanday taqiqlangan narsa tugul yonida qo‘l yuki ham yo‘qligini ma’lum qildi.
Shundan so‘ng fuqaro xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganda, egnidagi gullar tasviri tushirilgan kurtkaning ichki chap cho‘ntagidan gugurt qutisiga joylangan o‘tkir hidli och-yashil rangli, ekspertiza xulosasiga ko‘ra, sof og‘irligi 2,91 gramm marixuana moddasini olib kirayotgani aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, bu shaxs giyohvand moddani iste’mol qilish uchun qo‘shni respublikadan xarid qilgan.
Hozirda holat yuzasidan bojxona surishtiruvi va tezkor qidiruv tadbirlari olib borilmoqda.
Izoh (0)