Gruziya sobiq prezidenti, Ukrainaning Odessa viloyati sobiq gubernatori Mixail Saakashvili endi Niderlandiya Spikerlar akademiyasida notiq sifatida ishlaydi. Bu haqda u Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “RIA Novosti”.
“Niderlandiya Spikerlar akademiyasi bilan hamkorlik borasida kelishib oldim. Yevropada ekanman, ma’ruzalar orqali tirikchilik qilaman endi. Akademiya jamoasi juda zo‘r, ular bizning mintaqamiz o‘ziga xosliklarini yaxshi bilishlari va qadriyatlari to‘g‘ri ekanligi bilan e’tiborimni qozonishdi”, — dedi Saakashvili.
Shuningdek, u notiqlik faoliyatida uzoq vaqt ushlanib qolmaslik umidida ekanini ham yashirmadi.
“Umid qilamanki, ma’ruza o‘qish faoliyatida uzoq ushlanib qolmayman, tajribamdan esa oligarxlarni hokimiyatdan chetlatish va haqiqiy islohotlarni o‘tkazish uchun foydalanaman”, — deya qo‘shimcha qildi Saakashvili.
Ukraina hukumati mamlakat fuqaroligidan mahrum qilingan Mixail Saakashvilini fevral oyida Polsha hududiga chiqarib yuborgan edi. Ukraina chegara xizmati uning mamlakatga kirishini 2021-yilgacha taqiqlab qo‘ygan.
Izoh (0)