Kaliforniya janubida harbiy vertolyotning qulab tushishi oqibatida AQSh dengiz piyodalari korpusining to‘rt nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi. Bu haqda NBC telekanaliga tayanib, “TASS” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, noxush hodisa Meksika chegarasidan bir necha kilometr uzoqlikda, CH-53E Super Stallion vertolyoti yordamida o‘quv-mashg‘ulotlarini bajarish vaqtida sodir bo‘lgan. Bu AQSh qurolli kuchlariga tegishli eng yirik vertolyot hisoblanadi.
Ayni vaqtda vertolyotning qulashiga nima sabab bo‘lgani aniqlanmoqda.