Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida yashovchi aka-uka Ismoil va Isroil boshchiligidagi jinoiy guruh harakatlari to‘xtatildi. Bu haqda, mahalliy STV telekanaliga asoslanib, “Xabar.uz” ma’lum qildi.
Tumandagi ma’lum bir hududni bir necha yil davomida qo‘rquvda ushlab turib, tovlamachilik va talonchilik bilan shug‘ullangan guruhning 12 nafar a’zosi sud oldida qilmishlariga yarasha javob berdi. Jinoiy to‘da rahbarlari sud qarori bilan 17 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Sud majlisi Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi bo‘lib o‘tdi. Sud ochiq shaklda o‘tkazilib, unda ayblovchilarning qarindoshlari, huquqshunoslar va OAV vakillari qatnashdi.
Sud raisi har bir ayblovchining jinoiy ishini alohida ko‘rib chiqdi. Sud zalida guruh a’zolari tomonidan amalga oshirilgan og‘ir jinoyatlar sanab o‘tilgach, ayblanuvchilar o‘zlarini g‘alati tuta boshladi. Ularning bir nechtasi shovqin solib, hatto boshlarini panjaraga urganicha chiqarib yuborishni talab qildi. Bu bilan sud ishiga xalaqit qilishga ham urindi.
Shunga qaramay, sud o‘z ishini davom ettirdi. Sud jarayonida jinoiy to‘daning mahalliy aholini qo‘rquvga solish, hayotiga tahdid qilish, qattiq tan jarohatlari yetkazish orqali talonchilik bilan shug‘ullanib kelgani aniqlandi. Ular shunchalikka borganki, o‘z jabrdiydalarini qanday do‘pposlaganiyu, qiynoqqa solganini tasvirga olib, internetga joylab turgan. Sudda yetti nafar jabrlanuvchining arizasi ham ko‘rib chiqildi.
Ko‘rib chiqilgan materiallar va yig‘ilgan ashyoviy dalillar asosida ayblanuvchilarga sud hukmi o‘qildi. Xavfli jinoiy guruh tashkilotchisi Ismoil Xoliqov O‘zR Jinoyat kodeksining 59-moddasiga (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) ko‘ra aybdor deb topilib, 17 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Guruhning qolgan a’zolariga ham uzoq muddatli jazolar tayinlandi. Jinoyatchilar jazoni qattiq tartibdagi koloniyalarda o‘taydi.
Ushbu xavfli jinoiy guruhning ayrim a’zolari hali qidiruvda ekani ham ma’lum qilindi.
Izoh (0)