“Mahalla” xayriya jamoat fondidan ma’lum qilishlaricha, hududlarda aholi tomorqasini xatlovini o‘tkazish maqsadida 4 million 733 ming 326 ta xonadon ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu jarayonda har bir oila qo‘lidagi yer maydonining hajmi, nima ekilgani, agarda bo‘sh turgan bo‘lsa, kelgusida bu yerdan qanday foydalanmoqchi ekani o‘rganildi, deb xabar beradi O‘zA.
Dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqa yer maydonlarida ekilgan 73,4 ming gektar to‘qsonbosti ekinidan yuqori hosil olish, ekin maydonlarining 184,6 ming gektariga ertachi va 185,8 ming gektariga o‘rtapishar ekinlarni ekish ta’minlandi. Shuningdek, aholi talabi asosida 1 million 333 ming 738 bosh chorva, 3 million 216 ming bosh parranda boqish, 3 ming 721 gektarda ixcham issiqxonalar barpo etish yuzasidan takliflar olindi.
“Davyergeodezkadastr” qo‘mitasi bu takliflar asosida mavjud xonadonlar bo‘yicha ma’lumotnomalarni rasmiylashtirdi. Hududiy ishchi guruhlar aholining istagini o‘rganib, mahsulot yetishtirish va uning ishlatilishi, issiqxonalar barpo etish, chorva, parranda, asalari, baliq boqish bo‘yicha talablarini ham o‘rgandi.
Qayd etish kerakki, shu paytgacha aholi tomorqasidan foydalanishni tartibga solish, hisob-kitobini yuritishga e’tibor qaratilmagan. Shundan bo‘lsa kerak, fuqarolar yig‘inlari vakillari mahallalarda tushuntirish ishlari olib borganiga qaramasdan tomorqa sohiblari o‘z yer maydonlaridan to‘laqonli foydalanishga e’tibor bermagan. Endilikda mahalla vakillari hududdagi har bir xonadonga kirib borish va yerdan qay darajada samarali foydalanilayotganini nazorat qilish huquqiga ega bo‘ldi.
Endilikda mahallalarni ixtisoslashtirish ham ko‘zda tutilmoqda. Misol uchun, bir mahalladagi 100 xonadon piyoz, yana 200 xonadon egasi kartoshka ekishni yo‘lga qo‘yishi mumkin.
Ana shunda shaxsiy tomorqasiga ekin ekkan fuqaroning uyidan hosilni markazlashtirilgan holda olib ketib, pulini plastik kartochkasiga o‘tkazish yanada osonlashadi.
Agar yeri bo‘lsa-yu, er xorijda ishlagani ketgan yosh ayol tomorqadan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmasa, bu yerni ishlata oladigan qo‘shniga ijaraga berish chorasi ham ko‘rilishi mumkin. Agar bu tizim keng yo‘lga qo‘yilsa, odamlarda tomorqalaridan foydalanishda manfaatdorliklari oshadi, ularga dehqonchilik qilishlariga turtki bo‘ladi.
Izoh (0)