Namangan viloyat IIB tomonidan xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tadbirida xodima ayollar va xizmat ko‘rsatgan xotin-qizlar taqdirlandi. Bu haqda “Daryo”ga IIB matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Namangan viloyat IIB matbuot xizmati

Tadbirda Namangan transport va axborot texnologiyalari kasb-hunar kollejining 2-bosqichida tahsil olayotgan Madina Turdaliyevaga Ichki ishlar vazirligining “Yong‘indagi jasorati uchun” ko‘krak nishoni topshirildi. U o‘tgan yil noyabrida yong‘in sodir bo‘lgan xonadondan 70 yoshli ko‘zi ojiz Abdurahmon ota Norqo‘ziyevni qutqargandi.

— U kishi bizning ro‘paramizdagi xonadonda yashar edilar. O‘sha kuni kelinlari va nevaralari uyiga ketib, bir o‘zlari qolgan ekan. Ehtiyotsizlik oqibatida yong‘in sodir bo‘lib, yordamga chaqirganlar. Uylariga kirsam, hammayoq tutunga to‘lib ketgan. Olovni o‘chirib, u kishini olib chiqib, birinchi yordam ko‘rsatdik. Ungacha boshqa xizmatlar ham yetib keldi, — deya hikoya qiladi Madina.

Foto: Namangan viloyat IIB matbuot xizmati

Kollejni tamomlab, Ichki ishlar akademiyasiga kirishni reja qilgan qiz mukofot va gullarni IIB boshlig‘i polkovnik Odil Otaxo‘jayevdan qabul qilib oldi.