Xitoyning “Dalyan Ifan” klubi Madridning “Atletiko” klubiga tegishli bo‘lgan ikki futbolchi bilan shartnoma imzoladi. Avvalroq Xitoyda transfer bozorining ochilayotgani “Atletiko” bosh murabbiyi Diyego Simeoneni xavotirga solayotgandi.
Klub vakillari bergan ma’lumotga ko‘ra, Nikolas Gaytan hamda Yannik Ferreyra Karrasko faoliyatini Chin o‘lkasida davom ettiradi. Xitoyliklar bu futbolchilar uchun qancha to‘lab bergani borasida aniq ma’lumot yo‘q. Avvalroq Gaytan 18 millionga, Karrasko 30 millionga tushishi borasida norasmiy xabarlar chop etilgandi.
Belgiyalik Karrasko “Atletiko” uchun 124 ta o‘yinda ishtirok etib, 23 ta gol urishga erishgandi. Argentinalik Gaytan esa Simeone jamoasiga 49 ta uchrashuvda yordam bergan. Karrasko shu mavsumning o‘zida chempionatning 17 ta o‘yinida ishtirok etib, 3 ta gol urgani inobatga olinsa, u jamoaning asosiy figuralaridan biri edi.
“Atletiko” Ispaniya La Ligasining ortda qolgan 25-turidan keyin faqatgina bir marta mag‘lub bo‘lib, “Barselona”dan keyin ikkinchi bo‘lib turibdi. Kataloniyaliklardan 7 ochko kamroq to‘plagan jamoa, hamshahri “Real”dan shuncha ko‘p ochkoga ega.
Izoh (0)