Toshkentga 8-fevral kuni Belarusdan “Lotos” rusumli katta va o‘rta sig‘imdagi ikkita tajriba avtobusi keltirildi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

MAZ-203 va MAZ-206 avtobuslari.
Foto: Wikipedia (arxiv)

Qayd etishlaricha, har ikkala avtobus tabiiy gazda harakatlanadi. Past polli bu avtobuslar nogironlik aravachalari va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun mo‘ljallangan maxsus uskunalar bilan ta’minlangan.

“Avtobuslar ‘Toshshahartransxizmat’ tarkibiga kiruvchi avtosaroylarda sinovdan o‘tkaziladi”, — deyiladi kompaniya xabarida.

Ma’lumot uchun, Toshkentga olib kelingan “Lotos” avtobuslaridan katta sig‘imlisi MAZ-203 avtobusi negizida, o‘rta sig‘imlisi esa MAZ-206 avtobusi bazasida “RariTEK” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan.

“Avtorevyu” nashri ma’lumotiga ko‘ra, bu avtobuslar MAZ litsenziyasi asosida Rossiyaning Naberejniye Chelni shahrida qayta jihozlanadi. Unga Xitoyning metan gazida ishlovchi Yuchai motori o‘rnatilgan va Yevro-5 normalariga javob beradi.

Rossiya nashrlarida 2017-yil oktabrida e’lon qilingan xabarlarda yaqin vaqt ichida “Lotos” avtobuslari Moskva viloyati shaharlarida sinovdan o‘tkazilishi ta’kidlangan edi.