Shotlandiyaning Aberdinshir shahrida yashovchi Bryus Grabb ismli fermer molxonada yo‘lbarsni ko‘rib qolgan va politsiya chaqirgan. U yo‘lbars sigirlarga hujum qilishidan qo‘rqqan, deb yozmoqda TJournal.

Foto: TJournal

Grabb yo‘lbarsni 4-fevral kuni kechqurun ko‘rib qolgan. Chaqiruv joyiga bir nechta politsiya avtomobili va qurollangan bo‘linma yetib kelgan. Ular hatto mahalliy qo‘riqxona xodimlari bilan bog‘lanib, ulardan yo‘lbars qochgan yoki yo‘qligini so‘ragan. 45 daqiqadan so‘ng hayvonning qimirlamayotganini payqagan politsiyachilar undan shubhalana boshlagan.

Yakunda yo‘lbars yumshoq o‘yinchoq bo‘lib chiqqan. Politsiyachilar vaziyatni “ataylab uyushtirilgan yolg‘on chaqiruv” deb atagan. Politsiyachilar yo‘lbarsni olib ketgan va uni o‘zlarida tumor sifatida qoldirishni xohlayotganini aytgan.

Grabb molxonada o‘yinchoqni kim qoldirishi mumkinligini bilmasligini va “yirtqichni” ko‘rgan paytda hushyor bo‘lganini ta’kidlagan.