Buxoro shahridagi “Aslonobod” xususiy firmasi ishchisi Nasretdinov Abdurahmon Amonulloyevich Buxoro shahar IIB ga ariza bilan murojaat qilib, noma’lum shaxslar Buxoro shahar, Mustaqillik ko‘chasi 24/1-uyda joylashgan “Aslonobod” xususiy firmasiga qarashli savdo do‘koniga eshik qulfini ochish yo‘li bilan g‘ayriqonuniy ravishda kirib, o‘g‘rilik jinoyatini sodir etganligini ma’lum qildi. Bu haqda Buxoro IIB “Daryo”ga ma’lum qildi.
Jinoyatchilar ushbu savdo do‘konidan “Aslonobod” xususiy firmasiga tegishli bo‘lgan jami bahosi 7 755 000 so‘mlik uch dona Acer rusumli noutbuk, jami bahosi 600 ming so‘mlik ikkita videokuzatuv moslamasi, bahosi 1 600 000 so‘mlik LG rusumli monitor, bahosi 4 100 000 so‘mlik kompyuter protsessori, bahosi 2 435 000 so‘mlik Panasonic rusumli videokamera, bahosi 160 ming so‘mlik modem, bir dona naushnik, bir nechta fleshkartani va 4 089 000 so‘m miqdoridagi naqd pullarni yashirin ravishda talon-taroj qilib, jabrlanuvchiga jami 20 844 000 so‘mlik ancha miqdorda moddiy zarar yetkazib, hodisa joyidan yashiringan.
Tezkor xodimlar tomonidan olib borilgan surishtiruv va qidiruv ishlari davomida ushbu jinoyatni, Buxoro shahar, Temiryo‘lchilar aholi punktida yashovchi fuqarolar, 1998-yilda tug‘ilgan Sodiqov Fozil Shuhratovich, 2000-yilda tug‘ilgan, muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi bilan sudlangan Nurjonov Ramazon Shonazarovich hamda 2004-yilda tug‘ilgan Murodulloyev Eldor Otabek o‘g‘li sodir etganligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan F.Sodiqov, R.Nurjonov va E.Murodulloyevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 2-qismi “b,v,g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)