O‘FA prezidenti Ochilboy Ramatov bugun — 1-fevral kuni tashkilot binosida yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda 25-yanvar kungi navbatdan tashqari saylov-konferensiyasida bayon qilingan masalalar yuzasidan atroflicha muhokamalar bo‘ldi, deb yozgan O‘FA matbuot xizmati. Shuningdek, majlis yakunida tashkilot rahbariyatida kichik o‘zgarish yuz bergan.
25-yanvar kuni O‘FAning uch nafar vitse-prezidentlaridan biri sifatida tanishtirilgan Sherzod Toshmatov o‘z arizasiga ko‘ra ishdan ketgan. Bunga sabab sifatida Toshmatovning sportning boshqa turidagi faoliyat bilan bandligi ko‘rsatib o‘tilgan. Qayd etish kerak, Sherzod Toshmatov bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston boks federatsiyasi prezidenti hisoblangan Ochilboy Ramatovning birinchi vitse-prezidenti hisoblanadi.
Toshmatovning o‘rnini endilikda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksionerlik jamiyati boshqaruvi raisi maslahatchisi Fazliddin Sagdullayev egalladi. Shuningdek, Shoakrom Isroilov hamda Po‘lat Bobojonov O‘FA vitse-prezidenti lavozimlarini saqlab qoldi. Umid Ahmadjonov esa tashkilotning birinchi vitse-prezidenti sifatida faoliyatini davom ettiradi.
Izoh (0)