Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga safari doirasida Yakkabog‘ tumaniga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari 2017-yil fevral oyida Qashqadaryo viloyatiga safari chog‘ida viloyatda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, ularni eksport qilish hajmlarini yanada ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.
Yakkabog‘ tumanidagi “Darmon farm” xususiy korxonasiga qarashli "Darmon sharbati" meva-sabzavotni qayta ishlash va qadoqlash korxonasi 2017-yil avgust oyida ishga tushirildi. Bu yerda kuniga 12 tonna mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Zamonaviy, energiyatejamkor uskunalar bir kecha-kunduzda 20 tonnagacha meva-sabzavotni qayta ishlash quvvatiga ega. Asosan olma, oshqovoq va sabzi sharbati tayyorlanib, ichki bozorga chiqarilmoqda. Kelgusida uzum, anor va boshqa qator sabzavot mahsulotlarini ham qayta ishlab, sharbat tayyorlash ko‘zda tutilgan.
Prezident korxonadagi ish jarayoni bilan tanishdi. Bu yerda joriy qilingan zamonaviy texnologiyalar samarali ish jarayoni va yuqori sifatli mahsulot tayyorlashni ta’minlamoqda. Meva-sabzavotlarning tabiiy xususiyatlari saqlab qolingan tayyor mahsulot 1,5 va 3 litrli maxsus idishlar — aseptik paketlarga qadoqlanadi. Korxona xodimlari kasb-hunar kollejlarini bitirgan yoshlardir. Ularga zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirishda xorijlik mutaxassislar saboq bergan.
Korxonada tayyorlanayotgan tabiiy sharbatlar chet ellik xaridorlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Davlat rahbari viloyatda bu kabi korxonalarni ko‘proq tashkil etish, tadbirkorlarga eksportni o‘rgatish lozimligini ta’kidladi.
Shu yerning o‘zida Qashqadaryo viloyatida 2018–2019-yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash hamda eksport hajmini oshirish loyihalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
“Darmon sharbati” meva-sabzavotni qayta ishlash va qadoqlash korxonasi tomonidan meva-sabzavotni qayta ishlash va bolalar taomlari ishlab chiqarish, “Sharofat opa Qahramon qizi” agrofirmasi tomonidan muzlatkich omborxonasi qurish loyihalari ham taqdim etildi.
Prezident eksportni rivojlantirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Izoh (0)