O‘zbekiston Prezidentining 25-yanvardagi qarori bilan 2018-yilda OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish Davlat dasturi tasdiqlandi. “O‘zbekiston Respublikasida odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror matni O‘zAda keltirildi.
Hujjatga keltirilgan sharhlarda aytilishicha, mamlakatda keyingi yillarda OIV infeksiyasi bo‘yicha epidemik vaziyatning barqarorlashuvi va OIV infeksiyali shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordamning ta’minlanishiga qaramasdan OIV infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha bir qator dolzarb masalalar o‘z yechimini kutmoqda. OITSga qarshi kurash xizmati vaziyatni “real vaqt” rejimida tahlil qiladigan va o‘z vaqtida hamda samarali tadbirlarni belgilashga imkon beradigan yagona ma’lumotlar bazasiga ega emas.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan bemorni virusga qarshi davolashni, kasallikning bosqichidan qat’iy nazar, kasallik aniqlangan kundan boshlash tavsiya etilganligiga qaramasdan hozirgi vaqtda faqat 47 foiz OIV infeksiyali bemorlar kasallikning rivojlangan bosqichiga kelib davolanmoqda.
Antiretrovirus preparatlarini xarid etishga davlat byudjetidan mablag‘ ajratilmaganligi sababli, davolash ishlarida uzilishlar bo‘lishi va OIVning antiretrovirus preparatlariga chidamli shtammlari paydo bo‘lish xavfi mavjud.
Shu va boshqa muammolar O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2017-yilning 18-oktabrida o‘tkazilgan sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni amalga oshirishning ahvoli va kelgusidagi vazifalarga bag‘ishlangan majlisda muhokama etilib, OIV infeksiyasiga qarshi kurash sohasida keng qamrovdagi tadbirlarga qaratilgan Davlat dasturini ishlab chiqish topshirilgan.
Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlarini zamonaviy va yangi sifat darajasiga olib chiqish maqsadida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori quyidagi yo‘nalishdagi majmuaviy chora-tadbirlarni amalga oshirishni ko‘zda tutgan:
OIV infeksiyasining tarqalishi sabablari va sharoitlarini hududlar bo‘yicha muntazam tahlil etish, milliy an’ana va ma’naviy-axloqiy asoslarni inobatga olgan holda aholining keng qatlamlari orasida mazkur kasallik tarqalishining oldini olish bo‘yicha majmuaviy chora-tadbirlar ishlab chiqish;
hududlar xususiyatlaridan kelib chiqib, mahalliy moliyaviy, moddiy va kadrlar resurslari safarbar qilinishini ko‘zda tutuvchi OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy chora-tadbirlar rejalarini qabul qilish;
mamlakatda OIV infeksiyasi profilaktikasi, tashxis qo‘yish va uni davolash sohalarida mahalliy ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, ularning natijalarini sog‘liqni saqlash amaliyotiga tatbiq etishni ta’minlash, shuningdek, soha bo‘yicha yetakchi xorijiy ilmiy-tadqiqot markazlari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
OIV infeksiyasi va yondosh kasalliklarni aniqlash uchun zamonaviy diagnostikumlar va test-sistemalarni mahalliy sharoitda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, shu jumladan, investitsiyalarni jalb etish va davlat-xususiy sektor hamkorligini rivojlantirish;
kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, mazkur yo‘nalishda yetakchi xalqaro ta’lim va ilmiy muassasalar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirish, OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasida hamkorlikdagi ilmiy-amaliy tadbirlarni amalga oshirish;
yuqori sifatli retrovirusga qarshi dori vositalarini xarid qilishda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirish ulushini bosqichma-bosqich oshirib borish;
OIVni yuqtirib olganlarni ijtimoiy muhofaza qilish bo‘yicha tadbirlarni kuchaytirish, shuningdek, OIV infeksiyali onalardan tug‘ilgan bolalarni quruq sut aralashmalari bilan uzluksiz ta’minlash tizimini yaratish;
OITSga qarshi kurash muassasalarining, shu jumladan, tumanlararo OIV diagnostika laboratoriyalarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, ularni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash;
OIV infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni tizimli tahlil etish va tadbirlarni rejalashtirish uchun tibbiyot muassasalari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish.
Izoh (0)