Aqto‘be viloyatida ro‘y bergan va 52 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan mudhish yo‘l-transport hodisasi munosabati bilan Qozog‘istonda maxsus hukumat komissiyasi tuzildi. Bu haqda “Inform.kz” xabar bermoqda.

Foto: “Inform.kz”

“Aqto‘be viloyatida ro‘y bergan mudhish yo‘l-transport hodisasi sabablarini o‘rganish, shuningdek jabrlanuvchilarga hamda halok bo‘lganlarning oila a’zolariga har tomonlama yordam ko‘rsatish uchun muassasalararo maxsus hukumat komissiyasi tuzildi”, — deyiladi xabarda.

Komissiya tarkibiga Qozog‘iston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Yerlan Turgumbayev, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Aleksey Soy, rivojlanish va investitsiyalar bo‘yicha vazir o‘rinbosari Roman Sklyar, tashqi ishlar vazirligi departamenti direktori Ardak Madiyev, viloyat ichki ishlar va boshqa tizimlarning vakillari kiritilgan.

Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati Irgiz tumanida salonidagi 52 yo‘lovchisi bilan avtobus yonib ketdi. Hodisa 18-yanvar kuni mahalliy vaqt bilan 10:30 atrofida, “Samara—Chimkent” yo‘lining 1068-kilometrida yuz bergan. Harakat davomida Ikarus avtobusida yong‘in chiqqan, bu vaqtda avtobus salonida 55 yo‘lovchi va ikki haydovchi bo‘lgan.

Yong‘in oqibatida 52 kishi hodisa joyining o‘zida halok bo‘lgan. Ularning barchasi O‘zbekiston fuqarolari edi.