Eski rahbarini futboldan chetlashtirib, o‘zi yangi rahbariyat qo‘liga o‘tgan Ispaniya futbol federatsiyasi La Liga klublarining o‘tgan mavsum uchun teletranslyatsiyalardan qilgan daromadi masalasiga oydinlik kiritdi.
Qayd etilishicha, La Liga uchrashuvlari teletranslyatsiyalaridan umumiy 1 milliard 246 million yevro daromad qilingan. Reglamentga ko‘ra, bu pullar klublar o‘rtasida taqsimlanishi kerak.
Talabdan kelib chiqib, Kataloniyaning “Barselona” klubi o‘yinlariga qiziqish yuqoriroq bo‘lgan. Natijada “Barselona” yuqoridagi daromadning 146,2 millioniga ega chiqqan.
Bu ko‘rsatkich borasida Madridning “Real” klubi ikkinchi bo‘ldi — 140,1 million yevro. Vaholanki, mavsum so‘ngida “Qirollik klubi” 5 yil kutilgan chempionlikni rasmiylashtirgandi.
Beshtalikka “Atletiko”, “Atletik” hamda “Valensiya” klublari kirdi. Ular mos ravishda 99,2 million, 71 million hamda 67,4 million yevro daromadni faqatgina teletransliyatsiyalar orqali qo‘lga kiritgan.
Bu ro‘yxatda klublarning homiylar, chiptalar savdosi va reklamalardan oladigan pullari o‘z ifodasini topmagan.
Izoh (0)