Hujumchi Igor Sergeyev “Paxtakor”ni erkin agent sifatida tark etgan. Ya’ni, uning yangi klubi “Al-Dafra” Toshkent grandiga bir tiyin ham o‘tkazib bermagan. Bu haqda futbolchining o‘zi “Championat.asia” nashriga ma’lumot berdi.

Foto: “Championat.asia”

Sergeyevning qayd etishicha, uning “Paxtakor” bilan shartnomasi yakuniga yetgandi. Shu sababli ham klubni oddiygina tark etgan. Qolaversa, avval aytilganidek “Al-Dafra” bilan 2020-yil yanvariga qadar emas, balki 2018-yilning yoziga qadar shartnoma imzolagan. Bundan kelib chiqadiki, yaqin-yaqinda ham O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy futbolchisi bo‘lgan Sergeyev yarim yildan keyin yana bir bor erkin agentga aylanadi.

Igor Sergeyev BAA quyi ligasi vakili “Al-Dafra” uchun 1,5 million yevroga tushgan

“Paxtakor” yakuniga yetgan shartnomani uzaytirish taklifi bilan chiqqanmidi yoki yo‘q — Sergeyev tomonidan ma’lumot berilmagan. Katta futbolga ilk qadamlarini Samvel Babayan ko‘magida qo‘ygan hujumchi, katta ehtimol uning o‘zi bilan hamkorlikni davom ettiradi. Ko‘rinishidan, gruziyalik murabbiy Shota Arveladzening Sergeyevsiz ham jamoa tuza olishiga ko‘zi yetgan.

Hujumchi 2017-yilgi mavsum davomida “Paxtakor” uchun 13 ta gol urishga erishgandi. Klub undan tashqari Sherzod Karimov, Javohir Sohibov ham futbolchilar bilan ham xayrlashgan. Yangi rahbariyat butunlay boshqa tarkibni yangi mavsumga hozirlayotganini tushunish qiyin emas.