Samvel Babayan davrida O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy hujumchisi bo‘lgan Igor Sergeyev Amirliklarning “Al-Dafra” klubi uchun 1,5 million yevroga tushgan. Bu haqda “Championat.asia” nashri Transfermarkt’ga asoslanib xabar tarqatdi.

Foto: “Paxtakor”

“Paxtakor”ni Sherzod Karimovdan keyin Igor Sergeyev ham tark etdi. Chempionlar Ligasiga esa 33 kun vaqt qoldi

Bu pullar “Paxtakor” hisob raqamiga kelib tushganmi yoki Sergeyevning agentlari uni qo‘lga kiritganmi, aniq ma’lumot yo‘q. Transfermarkt ayni vaqtda Sergeyevni 1,8 million yevroga baholayotgandi. Endilikda hujumchi “Al-Dafra” safida 2020-yilning 31-dekabriga qadar to‘p suradi.

“Al-Dafra” BAA Pro-Ligasida 11-o‘rinni egallab turibdi. Qayd etish kerak, Amirlik chempionatida Otabek Shukurov, Aziz Haydarov, Sardor Rashidov kabi o‘zbekistonlik futbolchilar to‘p suradi. Igor Sergeyevda ular bilan to‘qnash kelishi uchun imkoniyat bo‘ladi.

2015-yilgi mavsum O‘zbekiston Oliy Ligasida to‘purar bo‘lgan Igor Sergeyev, 2017-yilgi mavsumda “Paxtakor” uchun 13 ta gol urdi. “Al-Dafra” safida undan tashqari braziliyalik Ailton, marokashlik Issam El-Adoua hamda Odil Xermach, iroqlik Muhannad Abdul Rahim kabi legionerlar o‘ynamoqda.