Pekin metrosining to‘liq avtomatlashtirilgan, mashinistsiz poyezdlar harakatlanadigan birinchi yo‘nalishi 30-dekabr, shanba kuni rasman foydalanishga topshirildi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.

Foto: “Sinxua”

Umumiy uzunligi 14,4 kilometr bo‘lgan “Yanfan” tarmog‘i Pekin yaqinidagi Yanshan shahrini poytaxtning Fanshan tumani bilan bog‘laydi. Bu yerda yo‘lovchilar shahar markaziga eltadigan yo‘nalishga o‘tishi mumkin. Yangi tarmoq jami 9 ta bekatdan iborat.

Poyezdlar soatiga 80 kilometr tezlikka chiqishi mumkin. Ularda favqulodda holatlar yuzaga kelishini inobatga olib, hozircha mashinistlar bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Foto: “Sinxua”

To‘liq avtomatlashtirilgan poyezdlar Xitoy uchun yangilik emas. Biroq yangi tarmoqqa qo‘yilgan poyezdlarning bari Xitoyning o‘zida ishlab chiqarilgani bilan e’tiborga molik.