Kecha, 24-dekabr kuni Toshkent shahri tuman kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tgan 330 okrugdan 51 tasida takroriy ovoz berish o‘tkaziladi. Bu haqda Toshkent shahar saylov komissiyasi raisi Hamid Karimov Toshkent shahar xalq deputatlari tuman kengashlari saylovining dastlabki natijalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan brifing chog‘ida ma’lum qildi, deb yozadi O‘zA.
Brifingda, shuningdek, Uchtepa tumanidagi 18 saylov okrugida, Shayhontoxur tumanidagi 16 saylov okrugida takroriy ovoz berish o‘tkazilishi aytildi.
Takroriy ovoz berish poytaxtning Yakkasaroy va Yashnobod tumanlaridan tashqari qolgan barcha tumanlarida o‘tadi. Saylov ikki hafta ichida qonun talablariga rioya etgan holda o‘tkaziladi.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, 279 saylov okrugida deputatlar saylangan. Saylangan deputatlarning 65 nafarini ayollar, 17 nafarini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi.
Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan 114, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan 45, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan 41, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan 33, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan 46 nafar fuqaro deputat etib saylandi.
Iqtisodiyotchilar 78 nafar, pedagoglar 55 nafar, muhandislar 45 nafar, shifokorlar 38 nafar, huquqshunoslar 22 nafar va boshqa kasb egalari 41 nafarni tashkil etadi.
Izoh (0)