Latviyaning Rīgas Centrāltirgus kompaniyasi boshqaruvi raisi Artis Druviniyeks Riga dumasi delegatsiyasi tarkibida Toshkentda bo‘ldi. Bu haqda 1News xabar bermoqda.
Tashrif O‘zbekiston turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi taklifiga binoan tashkil etildi. O‘zbekiston tomoni turistik yo‘nalishda hamkorlik o‘rnatishga qiziqish bildirmoqda. Qo‘mita raisining o‘rinbosari Rashvan Usmonov bilan uchrashuv chog‘ida tomonlar turistlarni jalb qilish masalalarini muhokama qildi. Bu borada Riganing tajribasi Toshkent uchun foydali bo‘lishi ta’kidlandi.
O‘z navbatida, Toshkent hokimining o‘rinbosari Nozim Husanov Rigani O‘zbekiston mahsulotlari uchun Yevropaga chiqish yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rishini aytib o‘tdi. Bundan tashqari, Latviya Toshkentga o‘zining mashhur sut va dengiz mahsulotlarini yetkazishi mumkinligi ta’kidlandi.
O‘tkazilgan muzokaralar yakunlariga ko‘ra Latviya poytaxti Riganing markaziy bozorida O‘zbekiston mahsulotlari sotiladigan burchak tashkil etilishiga kelishib olindi. Keyingi yil davomida burchak Riga markaziy bozorining meva-sabzavot pavilyonida ochilishi mumkin.
Izoh (0)