Forbes kinostudiyalarga eng ko‘p daromad keltiradigan Gollivud aktyorlari ro‘yxatini e’lon qildi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.

Jeremi Ranner. Foto: Walt Disney

Mazkur reytingdagi birinchi o‘rinni filmdagi ishtiroki gonoraridan 94 marotaba ko‘p kassa yig‘imini kafolatlaydigan Jeremi Ranner egalladi. U “Bajarib bo‘lmas topshiriq” franshizasi va Kapitan Amerika haqidagi filmlar tufayli yetakchiga aylangani aytilmoqda.

Ikkinchi o‘rindan aktrisa Emma Uotson joy olgan. U qatnashgan so‘nggi uch film, jumladan, “Sohibjamol va Maxluq” myuzikli namoyishi studiyalarga aktrisaga to‘langan har bir dollarning 70 dollar bo‘lib qaytishini ta’minlagan.

Emma Uotson “Sohibjamol va Maxluq” filmida

Eng ko‘p daromad keltiruvchi kino yulduzlari uchligini Skarlett Yoxansson to‘ldirgan. Uning “foyda keltirish” ko‘rsatkichi 1 ga 66 nisbatini tashkil etmoqda. Aktrisa uchun “Qasoskorlar: Altron erasi” va “Birinchi qasoskor: Qarama-qarshilik” filmlari ayniqsa muvaffaqiyatli chiqqan.

Skarlett Yoxansson “Birinchi qasoskor: Qarama-qarshilik” filmida

Forbes ushbu reytingni tuzishda 2017-yilning 1-iyuniga qadar namoyishga qo‘yilgan kartinalarni inobatga olgan.