UNICEF tomonidan 12-dekabr kuni e’lon qilingan har yilgi asosiy hisobotda aytilishicha, dunyo bo‘yicha internet foydalanuvchilarining uchdan bir qismini bolalar tashkil etadi. Biroq shunga qaramay ularni raqamli dunyoning xavf-xatarlaridan himoya qilish va xavfsiz onlayn axborotlardan foydalanish imkoniyatini oshirish uchun juda oz choralar ko‘rilmoqda, deb xabar beradi tashkilotning O‘zbekistondagi vakolatxonasi axborot xizmati.
“Dunyo bolalarining holati 2017-yil: Bolalar raqamli dunyoda” nomli hisobotda raqamli texnologiyalarning bolalar hayoti va imkoniyatlariga ta’sir ko‘rsatishi, undagi xavf-xatar bilan bir qatorda imkoniyatlar har tomonlama tahlil qilinadi.
Unda ta’kidlanishicha, bolalarni yangi xatarlarga duchor qilgan hamda millionlab eng zaif bolalarni e’tibordan chetda qoldirgan holda, hukumatlar va xususiy sektor o‘zgarish sur’atlaridan ortda qolmoqda.
Hisobotda raqamli texnologiyalar ijtimoiy eng zaif bolalarga, xususan nochorlikda o‘sayotgan yoki gumanitar favqulodda vaziyatlarda bo‘lgan bolalarga taqdim etishi mumkin bo‘lgan imkoniyatlar ko‘rib chiqiladi. Bunday imkoniyatlar axborotdan foydalanish imkonini kengaytirish, elektron ko‘nikmalarni oshirish hamda muloqot va fikr almashish uchun platformalar yaratishni o‘z ichiga oladi.
Biroq millionlab bolalar bunday imkoniyatlarga ega emasligi ham hisobotda aytib o‘tiladi. Dunyo yoshlarining uchdan bir qismi, aniqrog‘i 346 million nafari internetdan foydalanish imkoniyatiga ega emas.
Internet bolalarni turli xatarlar oldiga qo‘yishi masalasi ham hisobotda ko‘rib chiqiladi. Bolalarning shaxsiy ma’lumotlarini suiiste’mol qilish, zararli axborotga ega bo‘lish va kiberqo‘rqitish shular jumlasiga kiradi. Hisobotda ta’kidlanishicha, mobil vositalarning keng tarqalgani ko‘plab bolalar internetdan foydalanishini nazorat qilish ko‘pincha kamayishiga, natijada potentsial jihatdan xavfli bo‘lishiga olib keladi.