San Juan Argentina suvosti kemasi kapitani g‘oyib bo‘lishdan biroz avval yuzaga kelgan avariya sababli sakkiz marta harbiy-dengiz bazaga qo‘ng‘iroq qilgan. Bu haqda 5-dekabr, seshanba kuni Todo Noticias telekanali ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
Respublika Harbiy-dengiz kuchlari vakili Enrike Balbi suvosti kemasi oxirgi bog‘lanishdan oldin bir necha marta aloqaga chiqqanligini tasdiqladi. Sun’iy yo‘ldosh aloqa xizmatini taqdim etuvchi Tesacom kompaniyasi hisobotiga ko‘ra, ekipaj 15-noyabr kuni 01:11 dan 01:49 gacha bo‘lgan davrda to‘rt marta, 06:09 dan 07:36 gacha esa yana to‘rt marta qo‘ng‘iroq qilgan. Shundan so‘ng suvosti kemasi boshqa aloqaga chiqmagan. Qo‘ng‘iroqlarning umumiy davomiyligi 55 daqiqaga yaqin bo‘lgan.
“Kapitan birinchi qo‘ng‘iroqlarni nosozlik va yuzaga kelgan qisqa tutashuv, o‘t chiqmasdan tutay boshlaganligi haqida xabar berish uchun qilgan”, — deydi Balbi matbuot-anjumanida.
Uning so‘zlariga qaraganda, shundan so‘ng ekipaj butun ma’lumotni yozma shaklda taqdim etgan. Buning uchun ham sun’iy yo‘ldosh aloqasidan foydalanilgan.
Harbiy-dengiz kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, kema kapitani yo‘nalishni o‘zgartirishga ruxsat olish uchun baza bilan bog‘langan. “Belgilangan punkt o‘zgarishsiz qolgan, biroq operatsiya hududidagi kunlar miqdori qisqargan”, — deydi u.
Bortida 44 kishi bo‘lgan San Juan suv osti kemasi 15-noyabr kuni aloqaga chiqmay qo‘ygan edi.
Izoh (0)