O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 15-noyabr kuni huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident o‘z xodimlariga qo‘pol munosabatda bo‘layotgan, ularga hatto qo‘l ko‘tarayotgan hokim va rahbarlar haqida fikr bildirdi.

Qayd etish joiz, sentabr oyi boshida internetda Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Egamberdiyev mahalliy maktablarning direktorlarini turg‘azib qo‘yib, ularni haqoratlar bilan kaltaklayotgani aks etgan videolar paydo bo‘lgan edi.

Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, rahbar shaxslarning bunday xatti-harakatlari davlat siyosatiga, Prezident siyosatiga qarshi chiqish deb baholanadi.

Agar rahbarlar namuna bo‘lmasa, ertaga biz odamlarni ergashtira olmaymiz. Bugun xalqimizning hurmat-e’tibori va ishonchiga sazovor bo‘layotgan rahbarlar ko‘pchilikni tashkil etadi va biz ular bilan, albatta, faxrlanamiz. Lekin, afsuski, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek, o‘z mas’uliyatini unutib, oyog‘i yerdan uzilgan, “Men rahbarman, nima qilsam ham, meniki to‘g‘ri”, degan xato fikr bilan g‘o‘dayib yurgan ayrim odamlar ham yo‘q emas.

Ularning o‘z xizmat vakolatini suiiste’mol qilib, qo‘l ostidagi xodimlarga qo‘pol munosabatda bo‘layotgani haqorat qilib, hatto qo‘l ko‘tarayotgani haqida ko‘plab ma’lumotlar kelib tushmoqda. Bu bizga umuman noma’qul narsa. Bu illatni yo‘q qilish kerak. Odamlar ko‘tarmaydi endi. Bunday rahbarlar o‘zining kibr-havosi, boshqalarni mensimasligi, o‘zboshimchaligi va qo‘polligi bilan odamlarni, jamoatchilikni birlashtirish o‘rniga, aksincha, jamiyatimizdagi birdamlik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat muhitini buzishga sabab bo‘layotgani bizda katta tashvish uyg‘otmoqda. O‘zini yo‘qotib, manmanlikka berilib ketgan bu shaxslar nafaqat o‘z obro‘sini, eng yomoni, unga mansab berib qo‘ygan davlatning, unga ishonch bildirgan xalqning obro‘sini to‘kmoqda.

Agar rahbarning o‘zi shunday nojo‘ya ishlarga qo‘l ursa, boshqa xodimlar, ayniqsa, katta umid bilan hayotga kirib kelayotgan beg‘ubor yoshlarimiz ulardan nimani o‘rganadi? Agar kimdir bunday sharmandali holatlarni berilgan topshiriqlar yoki belgilangan rejani bajarish bilan bog‘lab o‘zini oqlamoqchi bo‘lsa, shuni qulog‘iga yaxshilab quyib olsin: ish yuzasidan talabchanlik qilish boshqa, odamlarning shaxsiga tegish — butunlay boshqacha narsa. Qo‘l ostidagi xodimlar sizga faqat ish yuzasidan bo‘ysunishi, qolgan masalalarda siz bilan teppa-teng huquq egasi ekanini aslo esingizdan chiqarmang! Mana shu gaplarni jamoatchilikka, hammaga yetkazishingizni iltimos qilaman. Qonunlarimizda bunday xatti-harakatlar uchun javobgarlik belgilangani, jazo muqarrar ekanini unutishga hech kimning haqqi yo‘q.

Barchangiz yaxshi bilasiz, xalqimiz oriyatli, nomusli xalq. Xalq barcha narsaga chidashi mumkin, lekin, takror va takror aytaman, adolatsizlik va nohaqlikka aslo chiday olmaydi. Haqiqiy rahbar, haqiqiy yetakchi odamlarning bardoshini sinash uchun emas, balki ularga munosib shart-sharoit yaratib berish, og‘irini yengil qilish uchun rahbar etib tayinlanadi. Biz xalqimizning milliy mentalitetiga ham, rahbar, yetakchi degan mas’uliyatli nomga ham umuman to‘g‘ri kelmaydigan, yarashmaydigan bunday noxush holatlar bilan mutlaqo murosa qila olmaymiz.

Barcha bo‘g‘inlardagi rahbarlar — u vazir yoki hokim bo‘ladimi, idora yoki tashkilot boshlig‘i bo‘ladimi — bir haqiqatni juda chuqur tushunib olishingiz shart: bunday harakatlar davlat siyosatiga, Prezident siyosatiga qarshi chiqish deb baholanadi va aybdorlarga, albatta, tegishli jazolar qilinadi.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti