Chempionlar Ligasining 5-turidan keyin APL klublarining gegemonligi davom etadigan bo‘ldi. Turnirda eng ko‘p jamoa Angliyadan bo‘lib, 5 ta klubning barchasi o‘z guruhida peshqadam bo‘lib turibdi.
Mazkur turni Ozarbayjonda “Qorabog‘”ga qarshi o‘tkazgan “Chelsi” yirik g‘alabaga erishdi — 4:0. Bellashuvning 19-daqiqasidayoq mezbonlar maydonda bir kishi kam qoldi va yetmaganiga, ularning darvozasi tomon penalti tayin qilindi. Shundan keyin Konte jamoasini to‘xtatib qolishning imkoni bo‘lmadi.
Madridda kechgan “Atletiko” va “Roma” klublari o‘rtasidagi bellashuvda esa mezbonlarning qo‘li baland keldi. Fransiyalik hujumchi Antuan Grizmann shu kuni Chempionlar Ligasining joriy mavsumdagi eng chiroyli gollaridan birini urdi.
Shunga qaramay, Madrid yetakchisi navbatdagi bosqichga yo‘l olish borasida kam imkoniyatga ega. Diyego Simeone boshqarayotgan klub 5-dekabr kuni “Chelsi” maydoniga tashrif buyuradi. “Roma” esa o‘z maydonida “Qorabog‘”ni qabul qiladi. Mazkur guruh masalasi “Atletiko” ozar klubini yenga olmagani va “Roma” London yetakchisidan jami 4 ochko yulib olganidayoq hal bo‘lib ulgurgandek.
Yevropa Chempionlar Ligasi “C” guruhi. 5-tur o‘yinlari 22-noyabr, chorshanba
Izoh (0)