O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng yirik gidroobyektlardan biri — Pskom GESni qurish bo‘yicha loyihalashtirish va tadqiqot ishlarini boshladi. Bu haqda 1News xabar bermoqda.
“O‘zbekgidroenergo”ga ko‘ra, yangi GES Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Pskom daryosida joylashadi. Quvvati bo‘yicha u O‘zbekistonda Chorvoq GESdan keyin ikkinchi o‘rinda bo‘ladi hamda mintaqada shu turdagi eng yirik inshootlardan biriga aylanadi.
Uning quvvati 400 MVt, yillik o‘rtacha elektr quvvati ishlab chiqarish salohiyati esa 900 million kilovatt/soatga teng bo‘ladi.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga qaraganda, loyihaning umumiy qiymati 800 million dollardan oshadi. Mablag‘ning katta qismini O‘zbekistonning o‘zi qoplaydi.
Bundan tashqari, Xitoy Eksimbanki tomonidan 240 million dollar kredit jalb etish rejalashtirilmoqda.
Bugungi kunda obyekt barpo etiladigan joyda qurilish shtabi tashkil etildi, u yerda 400 ga yaqin mutaxassis ishlamoqda, loyihalashtirish ishlari hamda geologik izlanishlar olib borilmoqda. Pskom daryosining chap qirg‘og‘ida umumqurilish ishlari boshlandi.
Yangi stansiya nafaqat Toshkent viloyatini elektr bilan ta’minlab, tizimga tushadigan yukni qisqartirish imkoniyatini beradi, balki respublika suv xo‘jaligi uchun ham ahamiyat kasb etadi. Xususan, u agrar sektorni suv bilan ta’minlaydi.
Izoh (0)