Fransiyalik sobiq himoyachi Erve Renar haqida ko‘pchilik bilmasa kerak, deb savol qo‘ydi “Championat.asia” Brfootball nashriga asoslanib. To‘g‘ri, u futbolchi sifatida o‘rtamiyona klublarda to‘p surdi va nom qozona olmadi. Ammo murabbiy sifatida tarixga kirdi.
1968-yilda dunyoga kelgan Renar JCh—1998 yakuniga qadar futbolchi bo‘lib yurdi. Keyinroq murabbiy sifatida ham nomi chiqmagan jamoalarda faoliyat olib bordi. Bu yo‘li uni Afrika sari yetakladi.
Hech kim tanimaydigan fransiyalik mutaxassisni qora qit’aning kuchli termalari chaqirishi mumkin emasdi. Mintaqada o‘rtamiyonalardan ham biroz kuchsizroq bo‘lgan Zambiya unga eshiklarini ochdi va terma jamoani Afrika Millatlar Kubogiga tayyorlashni so‘radi.
Renar 2011-yil ishga kirishdi. Oradan bir yil o‘tib, Zambiya sensatsion ravishda Afrika g‘olibi bo‘ldi. Gabon va Ekvatorial Gvineya qo‘shmezbonligida o‘tgan musobaqa finalida Zambiya Kot-d’Ivuarni penaltilar seriyasiga ko‘ra taslim qildi. Mali, Gana, Misr, Marokash, Tunis, Senegal, Nigeriya, Kamerun kabi yetakchilar bir chetda qarab qolaverdi.
Bu qahramonlik Erve Renarni Kot-d’Ivuar sari yetakladi. Mutaxassis 2014-yil mamlakat futbolida ish boshladi. 2015-yil esa Kot-d’Ivuar Afrika Millatlar Kubogini boshi uzra baland ko‘tardi. Finalda Renar shogirdlari Gana bilan to‘qnash keldi. O‘z vaqtida Zambiya penaltilar seriyasida 8:7 hisobida ustun kelgandi, ivuarliklar esa yanada sermahsullik ko‘rsatishdi — 9:8.
Xo‘sh, shunday mutaxassisni Afrika qit’asi qo‘yib yuborarmidi? Albatta, yo‘q! Axir u Zambiyani tarixda ilk bor chempion qildi, Ivuar termasiga 23 yillik quvonchni qaytardi.
Marokash termasi Renarni taklif qildi. Boisi mamlakat bosh jamoasi 1998-yildan buyon mundial yuzini ko‘rmay kelayotgandi. Noyabrning dastlabki 10 kunligida Erve Renar marokashlik muxlislar uchun ham qahramonga aylandi. Endi Marokash Rossiya—2018 ga keladi.
Izoh (0)