O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqandda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlashga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda ishtirok etgan Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Federika Mogerini bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: “Gazeta.uz”

Uchrashuvda konferensiyadagi ishtirok hamda “Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo” vazirlar uchrashuvi Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi qabul qilinganining 10 yilligida o‘tkazilgani Yevropaning mintaqaga alohida e’tibor qaratayotganidan dalolat berishi qayd etildi.

Yevropa Ittifoqi mamlakatning asosiy hamkorlaridan biri bo‘lib, O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama yanada mustahkamlashning qat’iy tarafdori ekani ta’kidlandi.

Uchrashuvda Yevropa bilan keng qamrovli aloqalarni kengaytirish borasida sezilarli natijalarga erishilayotgani qayd etildi. Yevropa Ittifoqi bilan sheriklikni investitsiya, savdo, moliyaviy-texnikaviy hamkorlik, ta’lim va boshqa qator yo‘nalishlarda ilg‘or tajriba va texnologiyalar almashish sohasidagi amaliy mazmun bilan boyitish tomonlar uchun manfaatli ekaniga e’tibor qaratildi.

Xalqaro va mintaqaviy, xususan, Markaziy Osiyoda siyosiy ishonchni mustahkamlash va barqaror taraqqiyotni ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, inson huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlar bilan tanishtirildi.