Moskva Tversk sudi muxolif siyosatchi Aleksey Navalniyning mamlakat prezidenti Vladimir Putinga qarshi da’vosini ko‘rib chiqishdan bosh tortdi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
Muqaddam Navalniy sudga da’vo arizasini kiritgani ma’lum qilingan edi. Sud matbuot kotibi Anastasiya Dzyurkoning so‘zlariga qaraganda, da’vo arizasida Rossiya prezidentining xatti-harakatlari va harakatsizligini noqonuniy deb topish talab qilingan. Da’vo hozircha ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmadi. Davlat rahbarini sudga berish niyati haqida siyosatchi 1-noyabr kuni ma’lum qilgan edi. Ammo endilikda ariza ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmagani aytilmoqda.
“Bizga xabar berilishicha, da’voni qabul qilishdan bosh tortildi. Sabablarini hozircha bilmaymiz”, — ma’lum qildi Navalniy asos solgan Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi yuristi Ivan Jdanov. U sud qarori ustidan shikoyat qilinishini qo‘shimcha tarzda aytib o‘tdi.
Tversk sudi, o‘z navbatida, bu boradagi izoh keyinroq taqdim etilishini bildirdi.
Navalniy Putinni mitinglarni o‘tkazishga to‘sqinlik qilishda ayblamoqda.
Izoh (0)