Futbol statistikasidagi chiqishlari bilan mashhur bo‘lgan OptaJose nashri kuchli beshlik milliy chempionatlarida raqiblarini eng ko‘p aldab o‘tayotgan futbolchilar reytingini e’lon qildi. Bunda 2017—2018-yilgi mavsumning ortda qolgan 12 ta turi sarhisob qilingan.
“Barselona” hujumchisi Lionel Messi TOP-5 chempionatlarida eng jozibador futbolchi bo‘lib turibdi, deyiladi xabarda. U hozirga qadar 113 nafar raqibini muvaffaqiyatli aldab o‘tishga erishgan. Statistikaga ko‘ra, Messi raqibini aldashga harakat qilgan vaziyatlarining 60 foizida maqsadiga erishgan. 40 foizida esa finti o‘xshamagan.
Statistika ko‘rsatib turibdiki, Messi hujumchilar sevadigan harakatni hammadan ko‘proq amalga oshirmoqda. “Barselona”da futbolchiga shunday imkoniyat berilgan.
Messidan “qochib”, “PSJ”ga yo‘l olgan Neymar esa raqiblarini 96 bor aldab o‘tishga erishdi. Uning o‘rtacha statistikasi Messidan yaxshiroq. Ya’ni, Neymar raqibini aldashga uringan vaziyatlarning 63 foizi muvaffaqiyatli bo‘lgan.
Foydali ish hajmi bo‘yicha “Lion” futbolchisi Nabil Fekirga yetish qiyin. Mazkur hujumchi 72 foiz urinishlarini samarali yakunlay oldi. Yaqindagina u o‘z golini Messi uslubida nishonlashga harakat qilib, fanatlarning stadionga yopirilishiga sababchi bo‘lib qolgandi.
Izoh (0)