O‘zbekiston va Armaniston vakillari Toshkent va Yerevan o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam reysni ishga tushirish masalasini muhokama qildi. Bu haqda UzDaily xabar bermoqda.
Ushbu masala ikki davlat bosh vazirlari — Abdulla Aripov va Karen Karapetyanning Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ko‘rib chiqildi.
Karen Karapetyan Armaniston O‘zbekiston bilan munosabatni faollashtirishga qiziqish bildirayotganini tan oldi. U tomonlar biznes jamoatlari, savdo-sanoat palatalari va maxsus rivojlanish agentliklari orqali aloqalarni rivojlantirishi lozimligini ta’kidlab o‘tdi.
Jumladan, iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya tuzish muhimligi aytildi.
Ikki davlat hukumatlarining rahbarlari turizm sohasidagi hamkorlik masalasini ham muhokama qildi. Xususan, ular Toshkent – Yerevan yo‘nalishi bo‘yicha samolyot qatnovini yo‘lga qo‘yish masalasini ko‘rib chiqdi. Shuningdek, diplomatik vakolatxonalar ochish masalasi o‘rganildi.
Karen Karapetyan va Abdulla Aripov ikki tomonlama munosabatlarga yangi turtki berish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Izoh (0)