11-noyabr kuni qo‘l jangi sport turi bo‘yicha O‘zbekistonning eng oldi uch vakili reyting janglarini o‘tkazadi. Bu haqda musobaqa tashkilotchilari “Daryo”ga ma’lum qildi.
Iqbol Xudoyqulov -70 kilogramm vazn toifasida tatamiga chiqsa, -85 kilogrammda Bekzod Nurmatov va -90 kilogrammda Muzaffar Rajabov xalqaro jang o‘tkazadi. Mazkur sportchilarning bo‘lajak raqiblari yaqin kunlar ichida aniq bo‘ladi.
Reyting janglari qo‘l jangi bo‘yicha Osiyo Chempionati doirasida bo‘lib o‘tadi. Toshkent 10—12-noyabr kunlari aynan qit’a chempionatiga ham mezbonlik qiladi. Dastlabki ikki kun davomida saralash bellashuvlari o‘tkazilsa, uchinchi kun chempionatning final janglari bo‘lib o‘tadi.
Yuqoridagi uch sportchi Osiyo Chempionatidan tashqari jang o‘tkazadi. Qit’a birinchiligida esa erkaklar 9 va ayollar 8 vazn toifasida o‘z omadini sinab ko‘radi. Mezbon sifatida O‘zbekiston terma jamoasi unda 2 ta tarkib bilan ishtirok etishni rejalashtirgan. Shu tariqa jami 34 nafar o‘zbekistonlik sportchi Osiyoni zabt etish payida bo‘ladi.
Osiyo Chempionatiga Xalqaro qo‘l jangi federatsiyasi prezidenti Sergey Astaxov, mashhur promouter Vladimir Xryunov rasmiy mehmon sifatida tashrif buyuradi. Janglar “O‘zbekiston” sport majmuasida o‘tadi.
Izoh (0)