O‘FF va PFL Oliy Liga klublari sonini 2018-yilning o‘zidayoq 12 ta qoldirish haqida qaror chiqardi. Ogohlantirish mavsum starti arafasida emas, chempionat tugashiga 4 ta tur qolganida bo‘lgani, bir qator klublarga qattiq zarba bo‘ldi.

Foto: Getty Images

2018-yildan boshlab O‘zbekiston Oliy Ligasida 12 ta futbol klub qoladi. Qolganlar quyi ligaga surgun bo‘ladi

Jumladan, Farg‘onaning “Neftchi” klubi ham endi quyi ligaga tushib ketish xavfi bilan yashamoqda. Buni hisobga olgan “Championat.asia” nashri jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramov bilan bog‘lanib, yangi format borasida fikrlarini so‘radi.

To‘g‘risi, eshitib hayron qoldim. Chunki bu mavsum uchun reglament bor. Demak, 2019-yildan boshlab shu formatga o‘tamiz, deyilganida boshqa gap edi. Ammo bu yangilik to‘satdan chiqdi. Endi quyi pog‘onalarda borayotgan jamoalarda biz nima uchun futbol o‘ynayapmiz, degan savol paydo bo‘ladi. Hatto futbolchilar ham shok holatida. Biz ham endi mashg‘ulot o‘tkazish kerakmi yoki yo‘q — o‘ylanib qoldik.

Oliy Ligada 12 ta jamoa qoldirishni kelishib qildik, deyishyapti. Lekin shaxsan mendan hech kim maslahat so‘ragani yo‘q.

Vadim Abramov, “Neftchi” bosh murabbiyi

Abramovning qayd etishicha, jamoalar soni aksincha, ko‘paygani to‘g‘riroq.

Yangi formatda o‘yinlar soni ko‘payadi. Hozir har bir jamoa 30 ta o‘yin o‘tkazadi, kelasi yildan 33 tadan o‘ynaydi. Menga qolsa, jamoalar sonini ko‘paytirgan ma’qul. Shunda o‘yinlar soni ham o‘z-o‘zidan ko‘payadi.

Vadim Abramov, “Neftchi” bosh murabbiyi

Foto: “Bunyodkor”

Karlenovich buyog‘iga nima uchun maydonga chiqishi kerakligini tushunmayapti. Chunki PFL va O‘FF o‘z reglamentiga qarshi ish qildi.

Biz mavjud reglamentga amal qilib kelayotgandik. Endi esa uning keragi bo‘lmay qoldi. Hayronman, endi nima uchun maydonga tushamiz.

Vaziyatga real qarash kerak. Chempionat tugashiga 4 tagina tur qolganida qanday qilib 11-o‘rinni qo‘lga kiritamiz?! FIFA, OFK va UEFA biror o‘zgarishga qo‘l urmoqchi bo‘lsa, kamida 2—3 yil oldin e’lon qiladi. Hamma shunga qarab, tayyorgarlikni boshlaydi. Ammo chempionat davom etayotgan bir vaqtda yangi format haqida e’lon qilinishi tushunarsiz holat.

Vadim Abramov, “Neftchi” bosh murabbiyi

“Neftchi” turnir jadvalida 15-o‘rinni egallab turibdi. Jamoa xavfli zona og‘zida turgan “Qizilqum”dan 7 ochko ortda.