Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy Ligasining 2018-yilgi mavsumida 12 ta klub chempionlik uchun kurash olib boradi. Bu haqda O‘FF matbuot xizmati tashkilot Ijroqo‘mi qaroriga asoslanib ma’lumot berdi.

Foto: O‘FF

Unga ko‘ra, chempionat o‘yinlari 3 davrali bo‘ladi. Dastlabki ikki davra davomida jamoalar 11 ta uy va 11 ta safar o‘yinida ishtirok etadi. 3-davra oldidan esa mezbon jamoalar qur’a tashlash yo‘li bilan aniqlanadi. Demak, Oliy Liga klublari 1 ta mavsumda 33 ta o‘yinda ishtirok etadi.

2017-yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra, Oliy Ligada 1—11-o‘rinlarni egallagan klublar o‘z o‘rnini saqlab qoladi. Qolganlar esa Birinchi Ligaga surgun qilinadi. O‘z navbatida, Birinchi Liga chempioni Oliy Ligaga qo‘shiladi.

Vaholanki, 2017-yilgi mavsum starti arafasida hech bir klub bundan ogohlantirilmagandi. Shu tariqa Birinchi Ligadan chiqish uchun 2-o‘ringa ham kurash ketayotgan, Oliy Liga klublari esa 15—16-o‘rinlarni olmaslikka intilayotgandi.

FIFA “Sho‘rtan”ni Oliy Ligadan chetlashtirishni so‘ragani va PFL “Obod”ni elitadan chetlashtirib ulgurgani inobatga olinsa, Oliy Ligada 14 ta jamoa qolishi kerak edi. Endi esa ular qatoriga Oliy Liga turnir jadvalining hozirgi holatidan kelib chiqib, Farg‘onaning “Neftchi” va Jizzaxning “So‘g‘diyona” klublari ham qo‘shilib qolishi katta ehtimol.

O‘FF bunday qarorga kelishda futbol klublari murabbiylari, rahbarlari, ekspertlari va OAV vakillarining har bir taklifini o‘rganib chiqqani haqida aytgan.

Qabul qilingan qarordan qoniqish hosil qildim. Chunki u bir tomonlama qabul qilinmadi. Biz kiritilgan hamma taklif va mulohazalarni o‘rganib chiqdik, yangi format bizning sharoitga qanday to‘g‘ri kelishini aniqladik. Yakunda 12 ta klub qatnashadigan musobaqa variantida to‘xtadik.

Men qaror qabul qilinishida ishtirok etgan har bir ekspert va OAV vakillariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

Umid Ahmadjonov, O‘FF prezidenti

Endi O‘zbekiston Birinchi Ligasida 16 ta klub qoladi. Bunda har bir viloyatdan kamida 1 tadan futbol klubi bo‘lishi ta’minlanadi. U asosan yoshlar o‘ynaydigan, Oliy Liga hamda termalarga futbolchi yetkazib beradigan fabrikaga aylanadi.

O‘zbekiston chempionati va uni o‘tkazish tizimi islohga muhtoj edi. Unda raqobatbardosh jamoalar sonini ko‘paytirish orqali, sog‘lom raqobatni kuchaytirish va Oliy Liga o‘yinlarini tomoshabop darajaga olib chiqish uchun islohotlar amalga oshirish juda muhim edi.

Umid Ahmadjonov, O‘FF prezidenti

Shu hafta barcha klublarga OFK va O‘FF hujjatlari asosida tayyorlangan hujjatlar yuboriladi. Undagi talablarga javob bera olmagan yoki ularni bajarishda kechikkan futbol klublari musobaqalarga qo‘yilmaydi.