Janubiy Koreyaning Samsung Electronics Co. texnologik giganti joriy yil uchinchi choragi yakunlariga ko‘ra rekord darajada daromad olgani haqida hisobot berdi. Bundan tashqari, kompaniya rahbariyatida o‘zgarishlar ro‘y berdi, deb xabar qiladi “Korrespondent.net”.
Hisobotga ko‘ra, Samsung Electronics’ning sof daromadi 11,2 trillion vonagacha (9,9 milliard dollar) o‘sgan. O‘tgan yil shu davrida bu ko‘rsatkich 4,5 trillion vonaga teng bo‘lgan edi.
Kompaniyaning hisobot davridagi tushumi 29,7 foizga o‘sib, 62,05 trillion vonani (55,2 milliard dollar) tashkil etdi. Operatsion daromad 14,53 trillion vonaga (12,9 milliard dollar) yetdi, ya’ni 2,8 barobarga o‘sdi.
Shu bilan birga, kompaniya mobil biznesi operatsion daromadi 33 barobarga o‘sib, 3,29 trillion vonani (2,9 milliard dollar) tashkil etdi.
Samsung Electronics aksiyalari 31-oktabr kuni Seuldagi sotuvlarda 2 foizga qimmatlashdi, ularning narxi tarixiy maksimumga yaqinlashdi.
Kompaniya, shuningdek, uch asosiy bo‘linmaga — yarim o‘tkazgichlar va displeylar (Device Solution), mobil telefonlari (IT & Mobile Communications) va iste’mol elektronikasi (Consumer Electronics) ishlab chiqarish bo‘linmalariga yangi rahbarlarni tayinladi. Bundan tashqari, direktorlar kengashi raisi mansabiga amaldagi moliya direktori Li San Xun tavsiya etildi.
Izoh (0)