O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirokida 30-oktabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida 2017-yilgi terim mavsumida paxta hosiliga qo‘shib yozish holatlari muhokama qilingan.

Avvalroq, 30-oktabr kuni aynan shu sabab bilan Jizzax va Toshkent viloyatlari hokimlari lavozimidan ozod qilingani ma’lum qilingan edi. Bundan tashqari, har ikkala viloyat prokurorlari ham ishdan ketgan.

“Daryo” manbasi taqdim etgan axborotga ko‘ra, qo‘shib yozish holatlari boshqa hududlarda, xususan, 2017-yilgi paxta rejasini birinchilardan bajargani xabar qilingan Xorazm viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatida ham qayd etilgan.

Xorazm viloyati paxtakorlari belgilangan 250 400 tonnalik rejani 13-oktabr kuni bajarib bo‘lgani, buning sharafiga viloyat dehqonlari 15-oktabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan “ikki karra qahramon” deya olqishlangani haqida xabar berilgan edi.

Paxta terimining 28-oktabr kungi holati bo‘yicha hisobotda ham Xorazm viloyati shartnoma rejasini 106,01 foizga (265 442 ming tonnaga) bajarib, hududlar orasida peshqadam bo‘lib turgani ma’lum qilingan edi. Biroq, qo‘shib yozish holatlari aniqlanib, ular hisobdan chiqarilgach, Xorazm viloyati paxta rejasini 30-oktabr holatiga ko‘ra faqat 93,52 foizga (234 182 tonna) bajargani ma’lum bo‘ldi; viloyat bu ko‘rsatkich bo‘yicha respublika hududlari orasida 5-o‘ringa tushib ketdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining ko‘rsatkichi, qo‘shib yozish holatlari aniqlanguniga qadar, 28-oktabr holatiga ko‘ra — 193 050 tonna (186 200 tonnalik reja 103,68 foizga bajarilgan) edi. Biroq 30-oktabrdagi hisobotda Qoraqalpog‘iston rejani bajarishi uchun hali yana 2 ming tonna paxta terishi kerakligi ko‘rsatilgan.

Avvalroq paxta rejasini uchinchi bo‘lib bajargani aytilgan Navoiy viloyati qo‘shib yozilgan raqamlar chiqarib tashlangach ham “finish arafasida” uchinchi bo‘lib turibdi — 28-oktabr holatiga ko‘ra viloyat rejani 954 tonna ortig‘i bilan bajarib bo‘lgan edi, biroq endi, 30-oktabr holati bo‘yicha, yana 2 355 tonna paxta terish kerak.

30-oktabrdagi ko‘rsatkichlari 28-oktabrdagi natijalaridan sezilarli kamayib qolgan hududlar orasida, Xorazm (-31 ming tonna farq), Qoraqalpog‘iston (-8,8), Navoiy (-3,3)dan tashqari, Buxoro (-19,5), Andijon (-12), Surxondaryo (-2,1), Jizzax (-11,2) va Toshkent (-23) viloyatlari ham bor.

Qayd etilganidek, qo‘shib yozish holatlariga yo‘l qo‘ygani uchun, Toshkent va Jizzax viloyatlari hokimlari ishdan olindi. Qolgan hududlarning rahbarlariga nisbatan qanday chora ko‘rilgani yoki ko‘rilishi haqida hozircha rasmiy axborot yo‘q.