O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya bosh vaziri Binali Yildirim ishtirokida ikki mamlakat moliya va ishbilarmon doiralari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Uchrashuvda oliy darajadagi muloqotlar samarasida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida imzolangan hujjatlar ulkan ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Shuningdek, 26-oktabr kuni Istanbulda o‘tkazilgan ikki mamlakat ishbilarmon doiralari biznes-forumida yirik energetika obyektlari va yo‘l infratuzilmalarini qurish, to‘qimachilik mahsulotlari, elektr jihozlari, qurilish materiallari ishlab chiqarish, oziq-ovqat va agrosanoat tarmog‘ida zamonaviy sanoat va logistika markazlari tashkil etish sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha bitimlar imzolangani ta’kidlandi.
Prezident ishbilarmonlarning O‘zbekistonda biznes yuritish borasidagi fikrlari bilan qiziqdi.
Turkiyalik ishbilarmonlar Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yuqori baholadi. Valyuta bozori erkinlashtirilgani, viza olish tartibi soddalashtirilgani o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish uchun qulayliklar yaratgani ta’kidlandi.
Muloqotda O‘zbekiston va Turkiyaning moliya tashkilotlari, firma va kompaniyalari o‘rtasida aloqalarni yanada rivojlantirish, o‘zaro mahsulot yetkazib berish va xizmat ko‘rsatishni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Izoh (0)