Borovskiy nomidagi tibbiyot kollejining o‘quvchisi, fojiali halok bo‘lgan Jasurbek Ibrohimovning onasi videomurojaat tayyorlab, internetga joylashtirdi. Bu haqda UzNews xabar bermoqda.
Murojaatda ona marhum farzandining suratlarini ko‘rsatadi va sud adolatli hukm o‘qishiga umid bildiradi.
“Bir necha kundan so‘ng, 3-noyabr kuni, mening hayotim, oilam hayoti ikkiga bo‘linib ketganiga roppa-rosa olti oy to‘ladi. Shu yilning 3-may kuni o‘g‘lim vahshiylarcha kaltaklandi, mening tanim, jonim, bizning amalga oshmagan orzularimiz, uning kardioxurirg bo‘lish, mamlakatning eng yaxshi shifokorlaridan biri bo‘lish orzusi 1-iyun kuni bizni tark etdi”, — deydi ayol ko‘zida yosh bilan.
U oilaviy fojiasiga befarq qaramagan insonlarga minnatdorlik bildirdi.
“Sud tizimi adolatli hukm chiqarishiga va bu qo‘rqinchli, g‘ayriinsoniy qotillikka daxldor hammani jazolashidan umid uzmayapman”, — qo‘shimcha qildi ayol.
Ayni paytda Jasurbek Ibrohimovning o‘limi yuzasidan ochilgan ish Mirobod tuman jinoiy ishlar sudida ko‘rib chiqilmoqda.
Izoh (0)