Elektr stansiya chiqaradigan karbonat angidriddan ko‘proq hajmda ushbu moddani yutadigan uskuna Islandiyaning Xedlisxeydi geotermal elektr stansiyasida o‘rnatildi. Yangi uskuna 11-oktabrdan ishlay boshladi, deb xabar beradi “TASS”.
Innovatsiya atmosferadan yiliga 50 tonna karbonat angidridni yo‘q qilish imkonini beradi. AQShdagi bitta oila yoki Hindistondagi o‘nta oila yiliga shuncha karbonat angidrid chiqaradi, deb aniqlashtiradi Quartz nashri.
Tizim Climeworks startapining tajribaviy loyihasi doirasida ishlamoqda. Jarayonning asosida patentlangan filtr turadi. U havoni karbonat angidriddan tozalash imkonini beradi. Geotermal elektr stansiya quyi potensial issiqlikdan foydalanib filtrni qizitadi, bu karbonat angidrid ajratib olishga yordam beradi. Shundan so‘ng gazlar suv bilan qo‘shilib, 700 metr chuqurlikka yo‘naltiriladi. U yerda gaz bazalt toshlari bilan reaksiyaga kirishib, qattiq mineralga aylanadi.
Karbonat angidridning tog‘ jinsiga aylanishi yuz yoki minglab vaqt olishi mumkin, ammo Islandiyada bunga ikki yil kerak bo‘ldi. Mineralizatsiya jarayonining tezlashishi mahalliy tog‘ jinslarining xossalariga bog‘liqligi taxmin qilinmoqda.
Izoh (0)