6–8-oktabr kunlari Nukus shahrida Yevropa kinosi festivali bo‘lib o‘tdi. Tadbir Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi, “O‘zbekkino” milliy agentligi hamda uning “Qoraqalpoqkino” mintaqaviy bo‘linmasi hamkorligida o‘tkazildi, deb xabar beradi UzDaily.
Filmlar namoyishi Berdaq nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat Akademik musiqiy teatrida tashkil etildi. Barcha filmlar original tilda ruscha titrlar bilan ko‘rsatildi. Kirish bepul bo‘ldi.
Festival doirasida qoraqalpog‘istonlik tomoshabinlar beshta Yevropa davlatida ishlab chiqarilgan oltita badiiy, hujjatli va multiplikatsion filmlarni ko‘rdi.
Nukusdagi festival uchun Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveysariya, Finlyandiya, Fransiya madaniy tashkilotlari o‘z mahsulotlarini taqdim etdi. Bir qator kartinalar nufuzli milliy va xalqaro kinopremiyalarga sazovor bo‘lgan.