Saraton kasalligiga qarshi barcha samarali, zamonaviy davo muolajalari Samarqandda amalga oshiriladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Bunga erishishda Prezidentning joriy yil 4-apreldagi “2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘ldi, deb ta’kidlanadi materialda.
Mazkur qarorga ko‘ra, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etildi. Joylardagi onkologiya dispanserlari, jumladan, Samarqanddagi muassasa ham ushbu markaz filialiga aylantirildi. Tibbiyot markazi va uning filiallari eng so‘nggi rusumdagi tibbiy asbob-uskuna va jihozlar bilan ta’minlanmoqda. Qo‘shimcha shtatlar ajratildi hamda shifokor mutaxassislar jahonning yetakchi tibbiyot markazlarida malaka oshirishi va tajriba almashishi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Bundan tashqari, nafaqat poytaxt, balki viloyatlarda ham aholiga yuqori sifatli, zamon talablariga to‘la javob beradigan tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida ixtisoslashgan tibbiyot markazlari mutaxassislari viloyatlardagi muassasalarga rahbar etib tayinlandi.
“Ana shunday yuksak ishonch tufayli qariyb bir oydan buyon Samarqandda faoliyat ko‘rsatmoqdaman. Shu paytgacha Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim boshlig‘i sifatida ishlaganimda Samarqanddagi dispanser haqida ayrim ma’lumotlarga ega edim. Bugun ushbu muassasada ish boshlab, bemorlar va ularning yaqinlari bilan suhbatlashib, bevosita aholi bilan uchrashib shunga amin bo‘ldimki, malakali tibbiy xizmatni birinchi navbatda quyi tizimda tashkil etishimiz zarur ekan”, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Mirjalol Jo‘rayev.
Izoh (0)