Toshkent shahrini Toshkent viloyatining eng olis shahri — Bekobod bilan bog‘laydigan elektrlashtirilgan poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Temir yo‘l marshrutining ochilishi Prezident Shavkat Mirziyoyevning 16-avgust kuni Bekobodga uyushtirgan tashrifi chog‘ida belgilangan edi.
Poyezd 183 kilometr yo‘lni 2 soat 45 daqiqada bosib o‘tadi. Elektrichka Xovos, Yangiyer va Guliston bekatlarida to‘xtab o‘tadi.
Reys sutkasiga bir marta amalga oshiriladi. Yaqin vaqt ichida harakat intensivligini kuniga ikki martagacha ko‘paytirish rejalashtirilmoqda.
Poyezd olti vagondan iborat bo‘lib, ular havo tozalash tizimi bilan ta’minlangan. Vagonlar Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodida modernizatsiyadan o‘tkazilgan.
Poyezd ishga tushirilishi arafasida Bekobod vokzali rekonstruksiya qilindi. Kutish zali 150 kishiga mo‘ljallangan, ona va bola xonasi, tibbiyot xonasi va oziq-ovqat do‘konlari bor.
Izoh (0)