Yaponiya poytaxti Tokioda O‘zbekiston mustaqilligining 26 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda hukumat vakillari, parlament deputatlari, vazirlik va idoralar vakillari, ilmiy-tadqiqot, ishbilarmon davralari, turistik kompaniyalar, diplomatik korpus va OAV xodimlari ishtirok etdi, deb xabar beradi “Jahon” axborot agentligi.
To‘planganlar O‘zbekistonning siyosiy, ijtisoiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi yutuqlari bilan tanishtirildi. Shuningdek, mamlakatning boy turistik salohiyati hamda tarixiy-madaniy merosi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va Yaponiya qadimdan yaqin aloqalar amalga oshirib kelgani alohida ta’kidlandi. O‘zaro aloqalarning zamonaviy bosqichi haqida gapirar ekan, chiqish qilganlar 25 yil davomida to‘plangan tajribani eslatib o‘tdi.
Tadbir doirasida maxsus stend tashkil etilib, unda milliy liboslar, xalq amaliy san’ati buyumlari, daraxtdan va sopoldan yasalgan buyumlar, miniatyuralar, grafik asarlar, shuningdek, noyob yodgorliklar haqidagi axborot materiallari taqdim etildi.
Bundan tashqari, o‘zbek va yapon xalqlarining do‘stligini ifodalovchi bolalar rasmlari ko‘rgazmasi namoyish etildi.
O‘z chiqishida parlament maslahatchilar palatasi deputati, Yaponiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Kyoko Nakayama O‘zbekiston mustaqil taraqqiyotning diqqatga sazovor yo‘lini bosib o‘tganini qayd qildi.
Yaponiya adliya vaziri Yoko Kamikava esa mustaqillik yillarida mamlakat barcha yo‘nalishlarda katta yutuqlarga erishganini qayd qilib o‘tdi.
“Kuchli ijtimoiy siyosat yuritish, aholi bandligini ta’minlash va uning farovonligini oshirishdagi yutuqlar ko‘zga tashlanib turibdi. 2014-yili O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifimni har doim iliqlik bilan eslayman”, — dedi u.
So‘zining yakunida Kamikava xonim ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirishga hissa qo‘shishda davom etishga tayyorligini ta’kidlab o‘tdi.
Izoh (0)